O'ZBEKISTONDA INKLYUZIV TA'LIM: JORIY O'ZGARISHLAR VA TARAQQIYOT YO'NALISHLARI

46
Feruz Ablayarov-O'zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori o'rinbosari O'zbekistonda inklyuziv ta'lim tizimini takomillashtirish davlat siyosatining muhim yo'nalishlaridan biri bo'lib, ayni sohada bir qator ijobiy o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4860-sonli qarori bu borada amalga oshirilishi mo'ljallangan sa'y-harakatlar uchun huquqiy asos bo'ldi. Mazkur qaror bilan, 2020-2025 yillar uchun xalq ta'limi tizimida inklyuziv ta'limni rivojlantirish konsepsiyasi va 2020-2021 yillarda uni amalga oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi”, shuningdek, alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar ta'limini 2025 yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko'rsatkichlari (indikatorlari) tasdiqlandi. E'tiborlisi, “2022-2026 yillarga mo'ljallangan yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da ham nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jalb qilinishi va faol ishtirokini ta'minlovchi inklyuziv ta'lim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish (66-maqsad); yoshlar uchun ochiq va sifatli ta'limni ta'minlash, ta'limning barcha bosqichlarida yoshlarning mukammal ta'lim olishini ta'minlash, hududlarda inklyuziv ta'lim rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish (70-maqsad) kabi ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Nogironligi bo'lgan yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy faolligini, mehnatga bo'lgan qiziqishini oshirish hamda ilm-fan, texnika, san'at va sportga jalb etish borasida bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Binobarin, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo'lgan shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko'maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” 2021 yil 21 dekabrdagi PQ-57-sonli qarorining 9-z-bandiga muvofiq, Yoshlar ishlari agentligi nogironligi bo'lgan yoshlarga o'zini o'zi band qilish, tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunarga o'qish uchun joriy etilgan subsidiyalardan foydalanishda ko'maklashish, nogironligi bo'lgan yoshlarning xorijiy tillarni o'rganish va nodavlat ta'lim tashkilotlarida o'qish xarajatlarini qoplash, zarur asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishiga yordamlashish choralarini ko'rish vazifasi yuklatilgan. Shunga muvofiq, Yoshlarga oid davlat siyosatini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogironligi bo'lgan yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo'lgan miqdorda subsidiya ajratish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 iyundagi 341-sonli qarori qabul qilingan. Ma'lumot o'rnida aytib o'tish lozimki, 2023 yilda 14-30 yoshdagi nogironligi bo'lgan yoshlar soni 121 ming 9 nafarni tashkil etgan bo'lsa, shundan 68 ming 723 nafari erkaklar, 52 ming 268 nafari ayollar; shuningdek, 11 ming 569 nafarida I guruh, 69 ming 724 nafarida II guruh, 3 ming 655 nafarida III guruh nogironligi mavjud va 36 ming 43 nafari nogironligi bo'lgan bolalardir. Qaror talabiga binoan, nogironligi bo'lgan yoshlarga zamonaviy kasblarni o'rgatish, umumta'lim fanlari hamda xorijiy tillarga o'qitish, o'qish davrida yashash va transport xarajatlarini qoplab berish maqsadida subsidiya ajratish choralari ko'rilmoqda va mazkur xizmatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari elektron portali orqali amalga oshirilmoqda. O'tgan 2023 yil davomida elektron portal orqali jami 1 ming 557 ta ariza kelib tushgan bo'lsa, o'rganishlar natijasida 1 ming 120 ta (72 %) ariza rad etilib, 437 ta (28 %) ariza tasdiqlangan. Ijobiy tavsiya berilgan 437 nafar nogironligi mavjud yoshlarga 5,1 mlrd. so'm subsidiya mablag'lari ajratilgan. Bugungi kunda ko'mak ko'rsatilgan 356 nafar yoshlar mustaqil tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishgani evaziga ular bandligi ta'minlangan. Joriy yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari elektron portali orqali nogironligi bo'lgan yoshlar tomonidan 1 ming 335 ta ariza kelib tushgan. Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, arizalarning 216 tasida nodavlat ta'lim tashkilotida o'qish xarajatlarini qoplash, 1 ming 98 tasida asbob-uskuna yoki mehnat qurollari sotib olish, 21 tasi nodavlat ta'lim tashkilotida o'qish davrida yashash va transport xarajatlarini qoplab berish so'ralgan. Ushbu arizalarning 478 tasi tasdiqlangan, 105 tasi egalari tomonidan bekor qilingan, 710 tasi kamchiliklari ko'rsatilgan holda rad etilgan, shuningdek 41 ta ariza tegishli tartibda ko'rib chiqilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 123 nafar nogironligi bo'lgan yoshlarga 1,5 mlrd. so'm subsidiya ajratildi. Shuningdek, arizalari tasdiqlangan yana 355 nafar nogironligi bo'lgan yoshlarga subsidiya ajratish choralari ko'rilmoqda. Ta'kidlash lozimki, O'zbekiston 2021 yil 7 iyun kuni BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konvensiyasini ratifikasiya qilgan. Mazkur Konvensiya qoidalarini amaliyotga tatbiq qilinishi ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlari tomonidan O'zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to'g'risidagi Konvensiyani amalga oshirish bo'yicha 2023–2025 yillarga mo'ljallangan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlangan. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” qarori davlat va jamiyat hayotida kutilganidek samaralar bera boshladi. Binobarin, 2023-2024 o'quv yilining birinchi yarim yilligida respublikamizdagi 530 ta umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarida inklyuziv ta'lim tizimi joriy etilib, 1 ming 195 nafar alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar qamrab olingan. Ularning 449 (37,6 %) nafari qiz bolalarni tashkil etadi. 1 ming 195 nafar alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarning 515 nafari 1-sinfda, 401 nafari 2-sinfda, 245 nafari 3-sinfda, 17 nafari 4-sinfda, 4 nafardan 5- va 7-sinflarda, 3 nafari 8-sinfda, 5 nafari 9-sinfda, 1 nafari 10-sinfda ta'lim olishmoqda. Hududlar kesimidagi tahlilga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasida 44 ta, Andijon viloyatida 46 ta, Buxoro viloyatida 23 ta, Jizzax viloyatida 43 ta, Qashqadaryo viloyatida 37 ta, Navoiy viloyatida 17 ta, Namangan viloyatida 61 ta, Samarqand viloyatida 20 ta, Sirdaryo viloyatida 16 ta, Surxondaryo viloyatida 41 ta, Toshkent viloyatida 65 ta, Farg'ona viloyatida 47 ta, Xorazm viloyatida 18 ta va Toshkent shahrida 52 ta umumiy o'rta ta'lim maktabda inklyuziv ta'lim joriy etilgan. Boshlang'ich tayanch korreksion sinflar respublika bo'yicha jami 4 ta maktabda mavjud bo'lib, ular bilan 62 nafar alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar qamrab olingan. Jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasi Nukus shahridagi 27-maktabda, Andijon viloyati Andijon shahridagi 17-maktabda, Buxoro viloyati Kogon shahridagi 4-maktabda, Xorazm viloyati Urganch shahridagi 12-maktabda boshlang'ich tayanch korreksion sinflar mavjud. Hozirgi kunda inklyuziv ta'lim joriy etilgan umumiy o'rta ta'lim maktablarida 115 nafar maxsus pedagog xodimlar faoliyat yuritib kelishmoqda. O'quvchilarni kasb-hunarga yo'naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi mutaxassislari tomonidan inklyuziv ta'lim ishtirokchilari uchun 2021-2022 o'quv yilidan boshlab, 12 metodik va 10 ta tavsiyaviy qo'llanma ishlab chiqildi. Bulardan tashqari, pedagog xodimlar, ota-onalar va jamoatchilik o'rtasida alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarning bilim olish huquqi, inklyuziv o'qitishning mazmun-mohiyati haqida tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida “Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarning ta'lim muhitiga moslashishlari” mavzusida 5 ta, “Inklyuziv ta'limda ota-onalar uchun tavsiyalar” mavzusida 3 ta, “Zo'ravonlik nima? Bolalarga nisbatan zo'ravonlik qanday?”, “Alohida ta'limga ehtiyoji bo'lgan bolalarni maktabda turli xil zo'ravonlik holatlarini oldini olishda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolar”, “Zo'ravonlikka uchragan alohida ta'limga ehtiyoji bo'lgan o'quvchi bilan individual ish olib borish”, “Partnerstvo s roditelyami v kontekste inklyuzivnogo obrazovaniya”, “Inklyuziv ta'limning maxsus ta'limdan afzalliklari” mavzularida roliklar tayyorlanib, Markazning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalariga joylashtirilgan. Markaz mutaxassislari tomonidan inklyuziv ta'lim joriy etilgan umumiy o'rta ta'lim maktablarining pedagog xodimlari uchun har o'quv yilida offline hamda online tarzda o'quv seminarlari tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, 2023-2024 o'quv yili uchun Markaz rahbariyati tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida “Inklyuziv sharoitda ta'lim olayotgan o'quvchi qizlarning nuqsoni tufayli pedagog xodimlar, o'quvchilar va ularning ota-onalari tomonidan turli kamsitishlarga yo'l qo'ymaslik” mavzusida jami 12 marta onlayn o'quv-seminar o'tkazilib, ularda 3 ming 680 nafar ishtirokchi jalb qilindi. Respublikamizda inklyuziv ta'lim tarmog'ini kengaytirish, maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlar hamda ota-onalarning inklyuziv ta'lim haqidagi bilimlarini oshirish, targ'ib qilish maqsadida may oyida Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida joylashgan maktabgacha ta'lim tashkiloti, umumiy o'rta ta'lim maktab hamda alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktablarida “Inklyuziv ta'lim: barcha bolalar uchun teng imkoniyatlar” shiori ostida seminar-trening mashg'ulotlari o'tkazildi. 2021-2022 o'quv yilidan boshlab, inklyuziv ta'lim tizimi joriy etilgan umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarining rahbarlari, psixologlar va pedagog xodimlari uchun onlayn shaklda har yili avgust oyida 72 soatlik maqsadli malaka oshirish o'quv kurslari doimiy ravishda tashkil etib kelinmoqda. Ushbu maqsadli malaka oshirish o'quv kurslarida mahalliy mutaxassislardan tashqari, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog'iston hamda Yaponiya kabi xorijiy davlatlardan mutaxassislar ham jalb qilingan. Yana qo'shimcha sifatida aytish mumkinki, O'zbekistonda inklyuziv ta'limni rivojlantirish masalalari bo'yicha “Inklyuziv ta'limning dolzarb masalalari: muammo va ularning yechimlari” va “Inklyuziv ta'limda xalqaro tajriba va amaliyot, erishilgan natijalar va ularning yechimlari” mavzusida har yili respublika, xalqaro ilmiy konferensiyalar tashkil etib kelinmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” 2020 yil 13 oktabrdagi PQ-4860-son qarori asosida Xalq ta'limi vazirligining 2021 yil 13 apreldagi 113-sonli buyrug'i bilan O'quvchilarni kasb-hunarga yo'naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi tuzilmasida “Inklyuziv ta'lim laboratoriyasi” tashkil etilgani sohada yangi natijalarga erishish imkonini berdi. Shu o'rinda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda o'z yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud ekanini aytib o'tish lozim. Xususan, tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta'limi bo'limlaridagi Bolalarni ijtimoiy-psixologik qo'llab-quvvatlash va inklyuziv ta'lim shu'balarining psixolog-metodistlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilmagan. Shunga ko'ra, tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta'limi bo'limlaridagi Bolalarni ijtimoiy-psixologik qo'llab-quvvatlash va inklyuziv ta'lim shu'balari psixolog-metodistlari uchun 2024 yildan muntazam malaka oshirish kurslarini tashkil etish, mazkur kurslarni tamomlagan tinglovchilarga yangi metodikalarga o'rgatish milliy markazi sertifikatini berish tizimini joriy etish maqsadga muvofiq bo'ladi. Respublikadagi inklyuziv ta'lim joriy etilgan umumta'lim maktablariga tyutorlarni jalb etishda ayrim kamchiliklar ko'zga tashlanmoqda. Shuni inobatga olgan holda, pedagogika yo'nalishida tahsil olayotgan oliy ta'lim muassasalarining yuqori bosqich talabalarini inklyuziv ta'lim joriy etilgan umumta'lim maktablariga amaliyot o'tash uchun keng sharoitlar yaratish lozim. Jamiyatda inklyuziv madaniyatni shakllantirish va aholining savodxonligini oshirish uchun esa televidenie orqali mavzu yuzasidan zarur ma'lumotlar berib borilishi, mahallalarda uchrashuvlar, seminar va treninglar tashkil etilishi kerak. Ta'lim olish uchun teng imkoniyatni ta'minlash va barcha bolalarning individual xususiyatlaridan, yutuqlaridan, tili, madaniyati, ota-onalarning ijtimoiy va iqtisodiy holatidan qat'i nazar ta'limda muvaffaqiyatga erishishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish esa inklyuziv ta'lim tizimini rivojlantirishning bosh maqsadi bo'lishi hamda buning ustuvor yo'nalishlari qat'iy belgilab olinishi lozim.